O‘zbekiston fuqarolari Turkiyaning Mersin viloyatida joylashgan Akkuyu atom elektr stansiyasida yuqori daromadli ish o‘rinlariga joylashtiriladi. Bu haqda Migratsiya agentligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Migratsiya agentligi Turkiyaning Arya tashkiloti bilan hamkorlik bitimini imzolagan. Ushbu kelishuvga muvofiq, Toshkent, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida 25 ta kasb bo‘yicha mutaxassislar turk standartlari asosida baholanadi va kasbiy malaka sertifikatlarini oladi. Natijada 2026-yilda 1,5 ming nafar sertifikatga ega mutaxassis Turkiyadagi Akkuyu AESda ish bilan ta’minlanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Arya kasbiy malakalarni sertifikatlash markazi Turkiya Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi tasarrufidagi tashkilot bo‘lib, 2006-yilda kasbiy malaka tizimini shakllantirish va rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. Ushbu markaz tomonidan beriladigan sertifikatlar Yevropa mamlakatlarining aksariyat ish beruvchilari tomonidan tan olinadi va xorijda ishga joylashish imkonini beradi.
“Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, 2025-yil davomida 2,5 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi Arya markazi orqali kasbiy malaka sertifikatiga ega bo‘lgan. Ularning barchasi Akkuyu AES qurilishi loyihasiga ishga jalb etilgan.
Shuningdek, Angren va Guliston shaharlarida kasbiy malaka sinovlarini o‘tkazish uchun maxsus markazlar tayyorlangan. Namangan shahrida ham shunday markaz ochilishi rejalashtirilgan. 2026-yil yakuniga qadar Toshkent shahrining Uchtepa tumanida ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi binosini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.