Toshkent shahar hokimligi poytaxt bozorlarida kimyoviy bo‘yoqlar bilan ishlov berilgan pomidorlar ommaviy sotilayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar ortidan Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi xodimlari tomonidan barcha oziq-ovqat bozorlarida tekshiruv o‘tkazilgan.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, bozorlarda kimyoviy bo‘yoqlar bilan ishlov berilgan sabzavotlar sotilayotgani aniqlanmagan.
Hokimlik oziq-ovqat xavfsizligi masalasiga befarq bo‘lmagan fuqarolarga minnatdorlik bildirib, ma’lumotlarni tarqatishdan oldin vakolatli organlardan aniqlashtirish zarurligini eslatdi.
Shuningdek, noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.