Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-may kuni ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid qonunni imzoladi.
Hujjat bilan ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazuvchi qator qoidabuzarliklar uchun yangi moliyaviy sanksiyalar hamda ma’muriy javobgarlik choralari joriy etilmoqda.
Qonunga ko‘ra, chiqindilarni yoqish uchun mo‘ljallanmagan joylarda ochiq alanga bilan yoqish, shuningdek issiqxona, ishlab chiqarish binolari va boshqa obyektlarda shina, mazut, bitum, rezina, plastmassa, sintetik karton, plyonka kabi materiallardan yoqilg‘i sifatida foydalanish taqiqlanadi.
Mazkur talablarni buzgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 25 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 25 baravaridan 50 baravarigacha jarima qo‘llanadi. Qoidabuzarlik bir yil ichida takrorlansa, jarimalar miqdori yanada oshiriladi.
Qonun bilan yuridik shaxslar uchun ham alohida moliyaviy sanksiyalar belgilanmoqda. Xususan, suvlarni ifloslantirish, daraxtlarni noqonuniy kesish, atmosferaga me’yordan ortiq zararli moddalar chiqarish, qurilish maydonlarida chang nazoratiga rioya qilmaslik hamda chiqindilar bilan bog‘liq qoidalarni buzganlik uchun korxonalarga atrof-muhitga yetkazilgan zarar yoki kompensatsiya to‘lovining bir necha baravari miqdorida jarima qo‘llanadi.
Jumladan, daraxtlarni noqonuniy kesgan yoki shikastlantirgan yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar summasining 5 baravaridan 10 baravarigacha, suvlarni ifloslantirgani uchun esa kompensatsiya to‘lovining 10 baravarigacha moliyaviy sanksiya qo‘llanishi mumkin.
Shuningdek, qonunda ekologik huquqbuzarlik uchun moliyaviy sanksiya qo‘llangan holatlarda ayni qoidabuzarlik bo‘yicha qo‘shimcha ma’muriy jazo belgilanmasligi ham nazarda tutilgan.
Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tib — 5-avgustdan kuchga kiradi.