Uzbekistan Airports Toshkent aeroporti hududida elektr energiyasi ta’minoti vaqtincha o‘chib qolishi bilan bog‘liq holat bo‘yicha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 6-yanvar kuni soat soat 02:28 da Qo‘yliq podstansiyasidagi kichik nosozlik yuzaga kelgan. Shu bois Toshkent aeroportida qisman elektr uzilishi sodir bo‘lgan. Uzilish samolyotlarning uchishi va qo‘nishiga ta’sir qilmagan.
“Barcha xizmatlar odatiy rejimda faoliyat olib bormoqda”, deyiladi xabarda.

Jo‘nash va kelish zallari zaxira dizel generatorlar va UPS yordamida elektr energiyasi bilan ta’minlangan. Soat 02:49 ga kelib elektr energiyasi to‘liq tiklangan.
“Vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz va tushunganingiz uchun minnatdormiz”, deya ta’kidlanadi xabarda.
“Hududiy elektr tarmoqlari”ga ko‘ra, 220 / 110 / 35 / 6 kV “Qo‘yliq” podstansiyasidan chiquvchi Uzbekistan Airports tasarrufida bo‘lgan 35 kV yuqori kuchlanishli “Aeroport-5” tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelgan. Natijada Toshkent aeroportida elektr energiyasi ta’minotida uzilish yuzaga kelgan. Bu paytda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga qarashli barcha tarmoqlar soz holatda bo‘lgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 06/01/2026