DXX va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda tarkibida psixofaol va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan mahsulotlarning noqonuniy olib kirilishi bilan bog‘liq holatlar fosh etildi.
Toshkent xalqaro aeroportida Bangkok–Toshkent yo‘nalishida uchib kelgan fuqaroning yuklari rentgen apparati orqali tekshirilgan. Tekshiruv davomida yuklar orasida shubhali oziq-ovqat mahsulotlari aniqlanib, ular ochib ko‘rilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi, 2002-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro oziq-ovqat mahsulotlari niqobi ostida 978 gramm kannabis moyi hamda tarkibida psixofaol modda bo‘lgan, taxminiy og‘irligi 500 grammli qo‘ziqorinlarni olib kirgan.
Tergovga ko‘ra, mahsulotlar kelgusida sotish maqsadida olib kelingan.
12 992 dona kofe mahsuloti ham olib qo‘yildi
Boshqa holatda Toshkent tumani hududida harakatlanayotgan Damas avtomobili to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Tekshiruv davomida avtomobilda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Farg‘ona viloyatining Oltiariq va Uchko‘prik tumanlarida yashovchi, 1987 va 1989-yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxsga tegishli polietilen paketlar aniqlangan.
Ularning ichidan tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi sibutramin moddasi bo‘lgan 12 992 dona kofe mahsuloti topilib, tegishli tartibda olib qo‘yilgan.
Aniqlanishicha, mazkur mahsulotlar qo‘shni davlatdan olib kirilgan va ularni Farg‘ona viloyatida sotish rejalashtirilgan.
Har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.