Surxondaryo avtomobil yo‘llarida transport vositalari uchun ruxsat etilgan harakat tezligi 130 kilometr soatgacha etib belgilanadi. Bu haqda viloyat YHXB matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, prezident raisligida o‘tkazilganda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmani yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish choralari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha respublika va viloyatlarda tashkil etilgan ishchi guruhlar o‘z faoliyatini boshladi.

Jumladan, Surxondaryo viloyatidagi xalqaro ahamiyatga ega M39 avtomobil yo‘lining infratuzilmasi ko‘rikdan o‘tkazildi. Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilib, 120 kilometrdan ortiq masofada transport vositalari uchun ruxsat etilgan harakat tezligi 130 kilometr soatgacha etib belgilanadi.

Bunda, M39 yo‘lining

  • 1 315—1 324-kilometrlari (Qashqadaryo viloyatidan Surxondaryo viloyatiga kirish) Oqrabot aholi yashash hududi oralig‘ida 90 km/soat tezlik,
  • 1 324—1 326-kilometrlari oralig‘i “Shifobuloq” mahallasida 70 km/soat tezlik,
  • 1 337—1 349-kilometrlari oralig‘ida 100 km/soat tezlik,
  • Sherobod tumani hududidagi 1 374—1 300-kilometrlari oralig‘ida 130 km/soat tezlik belgilanishi kerakligi aniqlandi.

Shuningdek, M39 yo‘lining 1 321—1 391-kilometrlari oralig‘ida xavfli burilishlarga jami uzunligi 7 kilometr bo‘lgan yo‘l beton to‘siqlarni o‘rnatish, ushbu avtomobil yo‘lidagi mavjud, lekin yaroqsiz holga kelgan 475 ta yo‘l belgisini yangisiga almashtirish, 20 ta xavfli burilishlarga jami 1 800 ta yo‘l belgilarini o‘rnatish, 1 315-kilometridan 1 400-kilometrigacha yo‘l chiziqlarini yangilash, mazkur yo‘nalishdagi mavjud 6 ta ko‘prikning qoplama qismi, to‘lqinsimonlik va do‘ngliklarini ta’mirlash ishlarini amalga oshirish zarurligi aniqlandi.

Qayd etilishicha, yuqoridagi kamchiliklar bartaraf etilishishundan so‘ng yo‘l qayta ko‘rikdan o‘tkazilib, ko‘rsatilgan kilometrlar oralig‘ida tavsiya etilgan tezlik joriy etilishi maqsadga muvofiqligi ma’qullandi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 07/08/2025