Soliq qo‘mitasi O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan rasmiy taksichilar soni va ularning qancha daromad olganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, respublika bo‘yicha yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi subyektlar soni 457 764 nafarni tashkil qildi. Shundan o‘zini o‘zi band qilganlar soni 457 313 kishini tashkil qiladi.

Ularning

  • 99,2 foizi — 453 833 nafari erkaklar
  • 0,8 foizi — 3 480 nafari ayollar.

Bu haydovchilarning:

  • 56,3 foizi 30−50 yoshda (257 ming 629 kishi);
  • 36,3 foizi 30 yoshgacha (166 ming 207) kishi;
  • 7,3 foizi 50 yoshdan katta (33 ming 477 kishi).

2025-yilning 7 oyi  mobaynida 215 ta taksi agregatori soliq organlari axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga qaraganda 60 taga yuqori.

Yanvar-iyul oylarida 262,2 million marta yo‘lovchi tashish amalga oshirilgan. Taksi bozori aylanmasi esa 5 trillion so‘mdan oshgan. Shundan 3,6 trillion so‘mi yoki 72,2 foiz qismini naqd to‘lovlar tashkil etgan. Naqdsiz pul o‘tkazmalari esa 1,4 trillion so‘mga yetdi. Shuningdek, o‘rtacha bitta chek narxi 19 077 so‘m bo‘lib, o‘tgan yilgi narxlardan 621 so‘mga qimmatlashgan.

7 oy davomida taksi xizmatini ko‘rsatgan 1,8 ming nafar haydovchi 100 mln so‘mdan ortiq daromad oldi (2024-yilda ularning soni 4,7 ming nafar edi):

  • 1 mln so‘mgacha — 140 276 nafar haydovchi;
  • 1−5 mln so‘m — 122 834 nafar haydovchi;
  • 5−10 mln so‘m — 59 407 nafar haydovchi;
  • 10−50 mln so‘m — 113 744 nafar haydovchi;
  • 50−100 mln so‘m — 19 186 nafar haydovchi;
  • 100 mln so‘mdan ko‘p — 1 836 nafar haydovchi.

Yo‘lovchi tashishda eng ko‘p xizmat qilayotgan avtomobil Cobalt bo‘ldi. Undan keyin Nexia va Lacetti turibdi. Elektromobillar esa ushbu xizmatdagi avtomobillarning 1,8 foizini tashkil etadi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 07/08/2025