Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, O‘zbekiston Oliy sudi qaroriga binoan faoliyati taqiqlangan “Tavhid va jihod katibasi” terrorchilik tashkiloti tarafdorlaridan iborat noqonuniy guruh faoliyatiga barham berildi.
Aniqlanishicha, guruh tarkibida ilgari ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullangan va 2021-yilda shartli ozodlik asosida jamiyatda qolgan shaxslar ham mavjud bo‘lgan. 2024-yilda tuzilgan ushbu guruh a’zolari tog‘oldi hududlarida diniy yig‘inlar o‘tkazib, terrorchilik g‘oyalari targ‘ibotchilarining ma’ruzalarini tinglagan, Suriyaga borib jangarilar safiga qo‘shilish va o‘zini portlatish yo‘li bilan “shahid” bo‘lishni muhokama qilgan.
Shuningdek, ular ijtimoiy tarmoqlar orqali xorijdagi terrorchi yollovchilar bilan aloqa o‘rnatib, qo‘lbola portlovchi qurilmalar va zaharli moddalar tayyorlash bo‘yicha elektron yo‘riqnomalar olgan hamda keyinchalik qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishni rejalashtirgan. “Telegram” messenjerida yopiq guruh tuzilib, xorijdagi terrorchilarning ko‘magida portlovchi moddalar tayyorlash nazariy bilimlari ham o‘rganilgan.
Tekshiruv jarayonida guruhning 4 nafar a’zosi internetdagi targ‘ibotlar ta’sirida Suriyaga borib, jangarilar safiga qo‘shilgani ma’lum bo‘ldi. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan.
Sud hukmiga ko‘ra, guruhning 20 nafar faol a’zosi Jinoyat kodeksining 155, 155-2, 155-3, 159, 244-1 va 244-2-moddalari bo‘yicha aybli deb topildi hamda 6 yildan 13 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi. Guruhning qolgan a’zolariga esa insonparvarlik tamoyillari asosida yengillik berilib, kechirimlilik siyosati qo‘llanildi.