Nyu-York shahrida 10-sentabr kuni O‘zbekiston va Sent-Lyusiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Hujjatni ikki davlat hukumatlari nomidan O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Sent-Lyusiyaning BMTdagi doimiy vakili Menissa Ramballi imzoladi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarni izlash hamda ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Qayd etilishicha, mazkur hujjatning imzolanishi O‘zbekistonning Karib dengizi havzasi mamlakatlari bilan hamkorligini faollashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Sent-Lyusiya Karib dengizining sharqiy qismida joylashgan orol davlati bo‘lib, O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 163-davlat hisoblanadi.

Categorized in:

Uncategorized,

Last Update: 11/09/2025