Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Jumayeva jarimaga tortilganini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda hokim o‘rinbosari ayollarni paxta terimiga jalb etgani haqida audioyozuv tarqalgan edi. Unda u har bir xotin-qizlar faolidan kamida ikki nafar ayolni o‘zi bilan birga dalaga olib chiqishni talab qilgan.
Holat yuzasidan tuman hokimligi ayollar “ko‘ngilli ravishda” terimga chiqqanini bildirgan bo‘lsa-da, vazirlik tekshiruv natijasida majburiy mehnat holati qayd etilganini tasdiqladi.
Natijada Nigora Jumayevaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi asosida jarima qo‘llanildi. Mazkur modda mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha (20,6 mln – 41,2 mln so‘m) jarima belgilanishini nazarda tutadi.
Shuningdek, Buxoro shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Axborot-kutubxona markazi rahbari N. Aminova ham xuddi shunday qonunbuzarlik uchun jarimaga tortildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, paxta terimi mavsumi davomida hozirgacha:
-
74 ta mehnat qonunchiligi buzilishi holati aniqlangan;
-
8 nafar mansabdor shaxs majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygani uchun javobgarlikka tortilgan;
-
1400 nafardan ortiq terimchi bilan mavsumiy mehnat shartnomalarini tuzishda yordam ko‘rsatilgan.