“O‘zgidromet” dam olish kunlaridan boshlab O‘zbekistonda ob-havo keskin o‘zgarishidan ogohlantirdi.
Prognozlarga ko‘ra, 3-oktyabr kuni mamlakatning shimoliy hududlariga, 4–5-oktyabr kunlari esa respublikaning qolgan hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib keladi.
3–4-oktyabrda shimoliy va cho‘l hududlarda, 4–5-oktyabrda respublikaning qolgan hududlarida yomg‘ir yog‘adi. Ayrim joylarda yomg‘ir kuchli bo‘lishi, baland tog‘larda esa qorga aylanishi mumkin.
Havo harorati asta-sekin kunduz kunlari 15–20 darajagacha, kechalari 5–10 darajagacha pasayadi. Shimoliy hududlarda esa kunduz kunlari 12–17 daraja, kechalari 2–7 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.
3–4-oktyabr kunlari ayrim hududlarda shamol tezligi 13–18 metr/sekundgacha kuchayadi. Ba’zi joylarda chang-to‘zon bilan shamol tezligi 20–22 metr/sekundgacha yetishi mumkin.
Shuningdek, 5–6-oktyabr kunlari respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi kutilmoqda.