O‘zbekistonda nobud bo‘lgan hayvonlar jasadini krematsiya qilish tartibini belgilovchi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xabar berdi.
Mazkur hujjat nobud bo‘lgan hayvonlar jasadini ko‘zdan kechirish, tashish, vaqtincha saqlash hamda krematsiya qilish tartiblarini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, krematsiya — nobud bo‘lgan hayvon jasadini maxsus texnik uskuna — krematoriy yordamida yuqori haroratda yoqish orqali biologik qoldiqlarni to‘liq yo‘q qilish usuli hisoblanadi.
Hayvon nobud bo‘lgani aniqlangan taqdirda, uning egasi yoki jasadni ko‘rgan shaxs bu haqda shu kunning o‘zida mas’ul shaxsga xabar berishi kerak. Shundan so‘ng jasad maxsus transport vositalari yoki yopiq konteynerlarda krematoriyga yetkaziladi.
Krematsiyagacha hayvon jasadi maxsus ajratilgan joyda saqlanadi. Saqlash muddati, qoida tariqasida, 24 soatdan oshmasligi lozim. Agar hayvonda yuqumli kasallik aniqlansa yoki o‘lim sababi noma’lum bo‘lsa, jasad krematsiya qilinadi.
Hujjatga muvofiq, krematsiyadan so‘ng qolgan kul va boshqa qoldiqlar belgilangan tartibda yo‘q qilinadi hamda bu haqda tegishli dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Nizomda sanitariya va xavfsizlik talablari ham nazarda tutilgan. Xususan, hayvon jasadlari bilan ishlovchi xodimlar shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanishi, foydalanilgan joylar va uskunalar muntazam dezinfeksiya qilinishi shart.
Shuningdek, nobud bo‘lgan hayvonlar jasadlarini ochiq holda tashish yoki saqlash taqiqlanadi.
Qayd etilishicha, mas’ul xodimlar maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal, bir martalik qo‘lqop, niqob yoki respirator, zarurat tug‘ilganda himoya ko‘zoynagi hamda boshqa gigiyena vositalari bilan bepul ta’minlanadi.