O‘zbekistonda 2026–2027-yillarda chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga qaratilgan 6 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Ularning umumiy qiymati 933 mln dollarni tashkil etadi.
Bu haqda Shavkat Mirziyoyevga chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha loyihalar yuzasidan taqdimot o‘tkazilganda ma’lum qilindi.
Loyihalar Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida amalga oshiriladi. Qashqadaryo va Samarqanddagi zavodlarni 2026-yilda, qolgan hududlardagi quvvatlarni esa 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.
1-sentyabr holatiga ko‘ra, loyihalar doirasida 286,8 mln dollar investitsiya o‘zlashtirilgan. Mahalliy mahsulot va xizmatlar xaridi 76,6 mln dollarga yetgan. Qurilish ishlariga 2 ming nafar mahalliy ishchi jalb qilingan.
Korxonalar to‘liq quvvatda ishlaganida yiliga 3,6 mln tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 1,6 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Yana 5 ta loyiha ko‘rib chiqildi
Taqdimotda chiqindilardan energiya olish bo‘yicha Singapur, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalarining yana 5 ta istiqbolli loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Umumiy qiymati 625 mln dollarlik ushbu loyihalarni Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Ular orqali yiliga 1,9 mln tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 635 mln kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Shuningdek, 500 ta yangi ish o‘rni yaratilishi, 158 mln kub metr tabiiy gaz tejalishi va issiqxona gazlari chiqindilari 316 ming tonnaga kamayishi prognoz qilinmoqda.
Yig‘ilishda poligonlar va chiqindi yoqish zavodlarini tashkil etish xarajatlari, yer maydonlariga ehtiyoj, budjet tushumlari hamda ekologik samaradorlik bo‘yicha tahlillar taqdim etildi.
Prezident loyihalarni jadallashtirish, investorlar uchun zarur infratuzilma va tashkiliy sharoitlarni yaratish, mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda malakali kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Green University, Samarqand davlat universiteti va Qarshi davlat universiteti bilan hamkorlikda chiqindi yoqish zavodlari uchun 1 ming nafar mutaxassisdan iborat kadrlar zaxirasini shakllantirish vazifasi belgilandi.