Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi shifoxonada ikki nafar hamshira pichoqlangan. Jabrlanuvchilardan biri vafot etgan, ikkinchisining hayoti shifokorlar tomonidan saqlab qolingan.
Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov holatni tasdiqlagan. Voqea 7-sentyabr kuni sodir bo‘lgan. Ikkinchi jabrlanuvchiga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Holat yuzasidan Qo‘shtepa tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi ushlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi ayol bo‘lgan. Ayrim xabarlarda u hamshiralarni xonaga qamab, ularga hujum qilgani aytilgan. Biroq voqeaning sababi va boshqa tafsilotlari hozircha rasman ochiqlanmagan.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.