O‘zbekistonda yo‘l harakatini nazorat qiluvchi avtomobil raqamlarini kuzatish tizimi internetda parolli himoyasiz, ochiq holda qolgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda TechCrunch xabar berdi.
Ushbu tizim orqali mamlakat bo‘ylab o‘rnatilgan yuzga yaqin yuqori aniqlikdagi kameralar avtomobil raqamlari, haydovchilar va yo‘lovchilarni doimiy ravishda qayd etib kelmoqda. Undagi zaiflikni kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Anurag Sen aniqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, avtomobil raqamlarini tanish tizimining ma’lumotlar bazasi ochiq holda qolgan bo‘lib, bu istalgan foydalanuvchiga undagi ma’lumotlarni ko‘rish imkonini bergan.Xususan, tizim orqali haydovchilardan biri 6 oy davomida kuzatilgan bo‘lib, u haftasiga bir necha marta Chirchiq, Toshkent va Eshonguzar yo‘nalishlarida harakatlangani qayd etilgan.
TechCrunch ochiq qolgan tizimda o‘tkazgan tahlillari orqali O‘zbekistonning yirik shaharlarida, shuningdek, serqatnov chorrahalar va boshqa muhim transport magistrallarida joylashgan kamida yuzta kamera borligini aniqlandi. GPS-koordinatalari avtomobil raqamlarini o‘quvchi qurilmalar Toshkent, Jizzax, Qarshi va Namangan shaharlarida zich joylashganini ko‘rsatgan.
Toshkentda kameralar o‘ndan ortiq nuqtada joylashgan bo‘lib, ularning ba’zilarini hatto Google Street View xizmati orqali ham ko‘rish mumkin.
Ushbu kameralar yo‘l qoidalarini buzgan transport vositalarini 4K aniqlikda video va fotosuratga oladi. Ularning ayrimlarida Singapurning Holowits ishlab chiqaruvchisiga tegishli “suv belgisi” mavjud.
Ochiq qolgan tizim uning maxsus veb-interfeysga kirish imkonini bergan. Unda operatorlarga huquqbuzarlik holatlarini kuzatish va tahlil qilishga mo‘ljallangan maxsus panel mavjud. Panelda yo‘l qoidabuzarliklariga oid suratlarning yaqinlashtirilgan tasvirlari, ishlov berilmagan videolar va atrofdagi boshqa mashinalar aks etgan kadrlar saqlangan. TechCrunch nashri suratlarni e’lon qilishdan oldin avtomobil raqamlari va odamlarning yuzlarini berkitgan.