Prezidentning bojxona maʼmuriyatchiligi hamda tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan farmoni qabul qilindi.
2026-yil 1-martdan tovarlarni ular chegara oʻtkazish punktiga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda, bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻim 20 foizga pasaytiriladi, shuningdek, tegishli toʻlovlarni kechiktirib toʻlashda 14 kungacha foizlar hisoblanmaydi.
Kelasi yil 1-maydan esa tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona toʻlovlarini ular mamlakat hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida toʻlash imkoni yaratiladi.
Yirik soliq toʻlovchi, davlat tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlar tomonidan import qilinayotgan, shuningdek, tarif va notarif cheklovlar tatbiq etilmaydigan eksport qilinayotgan yuklar boʻyicha bojxona organlarining axborot tizimida xavf aniqlanmasa, deklaratsiya avtomatik rasmiylashtiruvdan oʻtkaziladi.
Tadbirkorlarning barqarorlik reytingida yuqori va oʻrta darajalarni egallagan vakolatli iqtisodiy operatorlarga quyidagi imkoniyatlar beriladi:
- bojxona toʻlovlari va soliqlarni qaytarish, oʻzaro hisobga olishda soddalashtirilgan tartibotlarni joriy etish;
- tovarlarni qadoqlash, oʻrash, saralash va tozalash kabi operatsiyalarda qayta ishlash uchun ruxsatnoma talab qilmaslik.