Namangan viloyati Davlatobod tumani Yangi Namangan shaharchasida 4-dekabr kuni China Town Namangan majmuasi qurilishining tamal toshi qo‘yildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Xitoyning China Town kompaniyasi O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan zamonaviy turar joy va biznes markazi kompleksini barpo etish loyihasiga kirishgan. Tantanali marosimda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, Xitoy Xalq Respublikasi Konsultativ kengashining Jiangsu provinsiyasi a’zosi, Jiangsu Tonke Real Estate Co., Ltd kompaniyasi prezidenti Yan Bo ishtirok etdi.
Xabarda ta’kidlanishicha, umumiy qiymati 750 million dollar bo‘lgan China Town Namangan loyihasi viloyat va butun Farg‘ona vodiysi iqtisodiy rivojiga sezilarli hissa qo‘shishi kutilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turar joylar, biznes markazlar, besh yulduzli mehmonxonalar, savdo va dam olish maskanlari barpo etilishi rejalashtirilgan.
Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov tamal toshi qo‘yilishi nafaqat yangi shaharsozlik majmuasining poydevori, balki O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik, ishonch va hamkorlikning yangi qadami ekanini qayd etdi.
Loyiha haqida
China Town Namangan 84 gektar hududda quriladi, keyinchalik esa 1084 gektar maydondagi shahar majmualari bilan uyg‘un holda rivojlantirilishi ko‘zda tutilgan. Loyiha doirasida:
-
500 dan ortiq savdo va ofis binolari
-
mehmonxona
-
maktab va bog‘chalar
-
sport komplekslari
-
24/7 xizmat ko‘rsatish markazlari
barpo etilishi rejalashtirilgan.
Majmua savdo va biznes markazi bo‘lishi bilan birga, aholi uchun qulay yashash, ishlash va dam olish sharoitlarini yaratishga yo‘naltiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 9-yanvar kuni TK China Town Namangan xorijiy korxonasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Yagona davlat reyestriga ko‘ra, korxonaning asosiy faoliyati turar joy binolari qurilishi bo‘lib, uning yagona ta’sischisi va direktori Yan Bo hisoblanadi.