Kredit axborot-tahliliy markazi iyun oyidan “Kreditga taqiq” xizmatini ishga tushirgan edi. Byuroning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, o‘tgan ikki oyda 73 mingdan ziyod o‘zbekistonlik o‘ziga o‘zi kredit olishni taqiqlagan. Xizmatdan foydalanganlarning 34 foizi – 26-35 yosh oralig‘ida.
O‘zbekistonda 6 iyundan e’tiboran jismoniy shaxslar o‘z nomiga kredit rasmiylashtirilishini taqiqlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu xizmat bepul bo‘lib, undan davlat xizmatlari markazlari, YaIDXP (my.gov.uz) va “Kredit-axborot tahliliy markazi” byurosi saytida foydalanish mumkin.
Byuroning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 1 avgust holatiga ko‘ra, 73 346 o‘zbekistonlik ushbu xizmatdan foydalangan. Shundan 22 197 nafari yoki 30 foizi – ayollardir.
O‘z-o‘ziga kredit olishga taqiq qo‘yganlarning yosh kesimida taqsimoti quyidagicha:
- 26 yoshgacha (11 694 nafar) – 16 foiz
- 26-35 yosh (24 857 nafar) – 34 foiz
- 36-45 yosh (20 216 nafar)– 28 foiz
- 46-55 yosh (9856 nafar) – 13 foiz
- 56 yoshdan yuqori (6723) – 9 foiz
Ma’lumot uchun, ushbu taqiqni faollashtirish orqali fuqarolar o‘zlari bexabar bo‘lgan holda ularning nomiga kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olgan bo‘ladi.
Bu boradagi qonun shu yil mart oyida imzolangan edi. Qonunga ko‘ra, jismoniy shaxslarga o‘z nomiga kredit rasmiylashtirishni taqiqlash uchun yozma yoki elektron shaklda YaIDXP, davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolariga murojaat qilishlari mumkin. Taqiq kiritish ham, taqiqni yechish ham bepul amalga oshiriladi.