Farg‘ona viloyati Furqat tumanida maktab o‘quvchisi bo‘lgan ukasini mulkka egalik masalasida kelib chiqqan tortishuvda o‘ldirgan akaga hukm o‘qildi.
Ma’lum qilinishicha, ayblanuvchi spirtli ichimlik muntazam iste’mol qilib, oila a’zolari bilan janjallashib kelgan. Jinoyat sodir etilgan kun ertalab ukasi maktabga ketishi uchun tayyorlanayotgan vaqtda ular o‘rtasida yana tortishuv yuzaga kelgan.
Ayblanuvchi oshxona pichog‘i yordamida ukasini uy hovlisidagi qo‘shimcha xonalardan biriga olib kirib, unga bir necha tan jarohati yetkazgan. Jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan. U otasini ham pichoq bilan jarohatlagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Furqat tuman sudining hukmi bilan Jinoyat kodeksining 97 (qasddan odam o‘ldirish) va 219 (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan ushbu shaxsga 15 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Bundan avval Toshkent shahrining Yangihayot tumanida rafiqasini salkam 20 marta pichoqlagan erkakning sud ishi ko‘rib chiqilgani to‘g‘risida xabar qilingandi.