Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida qiymati 2 milliard so‘mdan ortiq oltin quymalarni noqonuniy ravishda chetga olib chiqmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi.

Ma’lum qilinishicha, DXXning viloyat boshqarmasi hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Farg‘ona tumanida yashovchi, 1996-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Damas avtomobili Vodil-avto chegara bojxona posti orqali Qirg‘izistonga chiqmoqchi bo‘lgan vaqtida tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Tekshiruv davomida avtomobil kuzov qismi ichiga yashirilgan 4 dona nostandart shakldagi oltin quymalar aniqlanib, ular ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, quymalarning sof og‘irligi 1 kilogramm 232 grammni tashkil etadi. Ularning umumiy qiymati 2 milliard 182 million 466 ming so‘m deb baholangan.

Mazkur holat yuzasidan DXXning Farg‘ona viloyati boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasi (bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu modda bilan aybdor deb topilgan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 600 baravarigacha jarima, uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 11/03/2026