O‘zbekistonda bezorilik jinoyati uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 14-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Majlisda deputatlar uyushgan va jamoat joylaridagi jinoyatchilikka qarshi kurashishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qildi. Deputat Jumanazar Otajonov amaldagi tartibda uyushgan guruhlar tomonidan sodir etilgan bezorilik uchun ko‘pincha yengil jazo qo‘llanayotganini, bu esa jazosizlik muhitini shakllantirayotganini ta’kidladi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, bezorilik jinoyati uchun jazo choralari og‘irlashtiriladi. Xususan, bir guruh shaxslar tomonidan, takroran, qurol ishlatib yoki jamoat tartibini saqlayotgan shaxslarga qarshilik ko‘rsatgan holda sodir etilgan holatlar uchun jazolar kuchaytiriladi.

Hujjat bilan Jinoyat kodeksining 277-moddasiga yangi 4-qism kiritish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, uyushgan guruh tomonidan yoki badanga og‘ir shikast yetkazgan holda sodir etilgan bezorilik uchun 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi mumkin. Amaldagi tartibda esa bunday jinoyat uchun 5 yildan 8 yilgacha jazo ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mansabidan foydalanib jinoiy guruhlarga homiylik qilganlik uchun ham ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Qonun loyihasida jinoiy uyushmalar faoliyatini moliyalashtirgan shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari ozod qilishni qo‘llamaslik ham nazarda tutilgan.

Biroq, agar bunday shaxslar o‘z vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berib, og‘ir oqibatlarning oldini olishga ko‘maklashsa, ular javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Hujjatda yana bir yangilik — jangovar sport musobaqalarini noqonuniy tashkil etganlik yoki o‘tkazganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi taklif etilmoqda. Bunday musobaqalarda ishtirok etganlik uchun esa ma’muriy javobgarlik joriy etilishi mumkin.

Deputatlarning ma’lum qilishicha, mamlakatda yashirin tarzda o‘tkaziladigan aralash jang (MMA) kabi musobaqalar uchrab turmoqda. 2025-yilda shunday uchta noqonuniy musobaqa aniqlangan.

Majlisda mazkur qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 14/04/2026