Shavkat Mirziyoyev 16-noyabr kuni davlat tashrifi bilan Ummonga jo‘nab ketdi. Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, tashrif 16–17-noyabr kunlari amalga oshiriladi.
Tashrif Ummon sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidning taklifiga binoan tashkil etilgan. Masqat shahrida O‘zbekiston va Ummon delegatsiyalari ishtirokida oliy darajadagi muzokaralar hamda bir qator qo‘shma tadbirlar o‘tkaziladi.
Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, savdo va investitsiyalarni kengaytirish, qishloq xo‘jaligida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, madaniy-gumanitar va turizm almashinuvini faollashtirish masalalariga ham e’tibor qaratiladi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikka oid bir qator hujjat va bitimlarni qabul qilish rejalashtirilgan.