Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida noqonuniy qum-shag‘al qazib olishni to‘xtatish vaqtida yuk mashinasi haydovchisi ekopolitsiya xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, ulardan birining xizmat avtomashinasiga zarar yetkazdi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, holat Ekologiya, ichki ishlar, prokuratura va tuman hokimligi xodimlari ishtirokidagi reyd davomida yuz bergan.

Reyd vaqtida “Ko‘tarma” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Oqdaryo daryosi o‘zanida ekskavator yordamida qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy qazib olinib, yuk mashinasiga ortilayotgani aniqlangan. Huquqbuzarlik to‘xtatilgan.

Shundan so‘ng yuk mashinasi haydovchisi xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmay, qarshilik ko‘rsatgan. U qum-shag‘alni to‘kib yuborib, ekskavator haydovchisining voqea joyidan qochib ketishiga sharoit yaratgan.

Bundan tashqari, haydovchi xodimlarning hayotiga xavf tug‘dirib, yuk mashinasi bilan ulardan birining xizmat avtomashinasiga zarar yetkazgan.

Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, to‘plangan materiallar huquqiy baho berish va chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori ham aniqlanadi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 11/11/2026