Toshkent shahrida buyurtma asosida fuqarolarni majburan olib ketishga uringan ikki nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti xabar berdi.
Murojaatchi fuqaro arizasida noma’lum shaxslar uni avtomashinada olib qochishga uringani, biroq qarshilik ko‘rsatib, qochib qolganini bildirgan. Shundan so‘ng o‘tkazilgan tezkor tadbirda ikki nafar gumonlanuvchi ushlandi.
Aniqlanishicha, ular 2003 va 1998-yillarda Toshkent shahrida tug‘ilgan bo‘lib, avval Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan sudlangan. Gumonlanuvchilarga tegishli avtomashina ko‘zdan kechirilganda, yukxonasidan o‘tkir tig‘li bolta topilgan va protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, surishtiruv davomida gumonlanuvchilar ayblovlarni tan olgan. Ularning telefonlari tekshirilganda Telegram messenjerida buyurtmachi bilan yozishmalar aniqlangan.
Yozishmalarda gumonlanuvchilarga arizachini har qanday yo‘l bilan buyurtmachining oldiga olib borish topshirilgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, ulardan yana bir fuqaroni ham majburan olib kelish, buning uddasidan chiqilmasa, uni elektroshoker bilan hushsizlantirib bo‘lsa ham olib kelish talab qilingan.
IIV tarqatgan videoda gumonlanuvchilardan biri bu gapni “hazil tariqasida” aytganini bildirgan. Ma’lum qilinishicha, ular ikkinchi fuqaroni ishxonasi oldida qariyb to‘rt soat kutgan. Biroq uning xizmat safariga ketganini bilgach, rejani boshqa kunga qoldirgan.
Holat yuzasidan gumonlanuvchilarga Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “b” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
IIV fuqarolarni tovlamachilik, zo‘ravonlik va tahdid orqali pul undirish yoki xizmatlarni tekinga bajartirish kabi holatlarga duch kelganda ichki ishlar organlariga murojaat qilishga chaqirdi. Vazirlikka ko‘ra, murojaatchining shaxsi sir saqlanadi.