Pokistonning Imarat Group kompaniyasining Yangi Toshkent hududidagi yirik ko‘chmas mulk va kompleks rivojlantirish loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev Imarat Group rahbari Akbar Shafik bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuv Yangi Toshkent loyihasiga Pokistonning yirik developerlik kompaniyalarini jalb etish maqsadida tashkil etildi.
Pokistonlik investorga hududda zamonaviy turar joy majmualari, Grade-A toifasidagi ofislar, savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari, mehmonxona va konferensiya markazlari hamda jamoat hududlarini o‘z ichiga olgan ko‘p tarmoqli loyiha amalga oshirish taklif qilindi.
Shuningdek, Imarat Group’ning ko‘chmas mulk sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish tajribasi muhokama qilindi. Kompaniyaga Yangi Toshkentda qurilish loyihasini amalga oshirish bilan birga, kelgusida ko‘chmas mulkni boshqarish, sotish va mijozlarga raqamli xizmat ko‘rsatish tizimlarini joriy etish imkoniyatlarini o‘rganish taklif qilindi.
Tomonlar Imarat Group delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish va dastlabki muzokaralarni aniq investitsiya konsepsiyasini ishlab chiqish bosqichiga olib chiqishga kelishib oldi.
Imarat Group Pokistonda ko‘chmas mulk va qurilish sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar guruhlaridan biri bo‘lib, ko‘chmas mulk, arxitektura va dizayn, mehmonxona biznesi, qurilish materiallari, ko‘chmas mulkni sotish va boshqarish hamda raqamli texnologiyalar yo‘nalishlarida ishlaydi.