Toshkentdagi bir nechta masjidda imomlik qilgan va “Rayhon oilaviy milliy taomlari” ta’sischisi Odilxon qori Ismoilov sud zalida qamoqdan ozod qilindi. Bu haqda Namangan viloyati sudlari axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Odilxon Ismoilov va boshqalarga oid jinoyat ishi Namangan viloyati sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan va bugun sud ajrimi e’lon qilingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tumani sudining 13-iyuldagi hukmi bilan Odilxon Ismoilov 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. U Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab soxtakorligi hamda hujjatlarni egallash va qalbakilashtirishga oid moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Ish bo‘yicha yana olti nafar sudlanuvchiga ham turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Apellyatsiya instansiyasida jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni qoplash bilan bog‘liq holatlar ham inobatga olingan. Xususan, zararning bir qismi naqd pul shaklida depozit hisob raqamiga o‘tkazilgan, Odilxon Ismoilovga tegishli mulkni bank balansiga qabul qilish belgilangan. Shuningdek, xatlangan mulklar sotilib, tushgan mablag‘lar zararni qoplashga yo‘naltirilgan.
Sud ajrimiga ko‘ra, Odilxon Ismoilovga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bo‘yicha tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldirilgan. Biroq Jinoyat kodeksining 72-moddasi asosida jazo shartli deb hisoblanib, unga 3 yil sinov muddati belgilangan.
Natijada Odilxon qori Ismoilov sud zalida ozodlikka chiqarilgan.