Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investorlar va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi Toshkentdagi imkoniyatlardan faqat poytaxt tadbirkorlari emas, boshqa hududlardagi ishbilarmonlar ham foydalanishi uchun poytaxtning har bir tumaniga 100 gektardan yer ajratildi. Endi tuman hokimlari tadbirkorlar bilan birga ishlab, ushbu maydonlarda yangi loyihalarni amalga oshirishi kerak.

Shuningdek, mamlakatning qolgan 13 ta hududiga ham 100 gektardan yer beriladi. Bu maydonlarda amalga oshirilgan investitsiyalar tegishli viloyat yoki poytaxt tumanining ko‘rsatkichlariga qo‘shiladi.

Ajratilgan hududlardagi yerlar bo‘yicha birinchi auksionda faqat o‘sha viloyat yoki tuman tadbirkorlari qatnashadi.

Prezident Yangi Toshkent butun mamlakat ishbilarmonlari uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanishi kerakligini ta’kidladi.

Loyihaga xorijiy investorlarning ham qiziqishi yuqori. Ular uchun dastlabki 50 ta lot belgilangan. Lotlarning joylashuvi, loyiha imkoniyatlari, iqtisodiy hisob-kitoblar va yangi yengilliklar haqida ma’lumot beruvchi takliflar paketi elchilarga yetkaziladi.

Xorijdagi diplomatik vakolatxonalarga sarmoyadorlarni Yangi Toshkentdagi imkoniyatlar bilan kengroq tanishtirish topshirildi. Vazirlar esa xorijiy hamkorlar va yirik kompaniyalar bilan uchrashuvlarda Yangi Toshkent loyihalarini taqdim etib, ularni qo‘shma loyihalarda ishtirok etishga taklif qilishi kerak.

Prezident e’lon qilingan imkoniyatlar qog‘ozda qolmasligi lozimligini ta’kidladi. Buning uchun investorlarga yer uchastkalari, iqtisodiy hisob-kitoblar va amalga oshirish muddatlari ko‘rsatilgan tayyor takliflar taqdim etilishi zarur.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 12/10/2026