O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 2027-yilda 5 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda. Markaziy bankning Pul-kredit siyosati sharhida 2028-yilga borib yillik inflyatsiyani 5 foiz atrofida barqarorlashtirish maqsadi qayd etilgan.

Regulyator hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yil yakunida mamlakatda narxlar o‘sishi 6,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, inflyatsiya 2024-yilda 9,8 foiz, 2025-yilda esa 7,3 foiz bo‘lgan.

Markaziy bank 2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,5–8 foizga o‘sishini kutmoqda. 2028-yilga kelib iqtisodiy o‘sish sur’ati 6–7 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Regulyator tashqi iqtisodiy muhit bilan bog‘liq bir qator xatarlarni ham qayd etgan. Asosiy savdo hamkorlar iqtisodiyotining barqaror o‘sishi O‘zbekiston eksportiga tashqi talab va pul o‘tkazmalari oqimini qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.

Shu bilan birga, energiya narxlarining yuqori o‘zgaruvchanligi va logistika xarajatlarining oshishi tashqi inflyatsion xatarlar sifatida saqlanib qolmoqda.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining yangilangan prognozlariga ko‘ra, jahon iqtisodiyoti 2026-yilda 3 foizga o‘sadi. Bu avvalgi prognozdan 0,1 foiz bandga past. 2027-yilda esa global iqtisodiy o‘sish 3,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Markaziy bank mazkur prognozlarni geosiyosiy shoklar va yuqori energiya xarajatlarining qisqa muddatdagi salbiy ta’siri, shuningdek, kelgusi yilda energiya ta’minoti va logistika zanjirlarining bosqichma-bosqich tiklanishi bilan izohlagan.

Categorized in:

Biznes, Mahalliy,

Last Update: 28/09/2026