Toshkentda BMW avtomobilida YPX inspektorini urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan 16 yoshga to‘lmagan D.T.ga 2 yil 4 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng Toshkent shahar sudlari hukm yuzasidan qo‘shimcha izoh berdi.

Sudlar matbuot xizmatining ta’kidlashicha, jinoyat uchun jazo muqarrar bo‘lsa-da, uning asosiy maqsadi jinoyat sodir etgan shaxsni axloqan tuzatish va tarbiyalash, uni jamiyatga qaytarishdan iborat.

“Qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda jinoyatga jazo muqarrar ekani maʼlum. Jazodan asosiy maqsad esa bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan shaxslarni axloqan tuzatish va tarbiyalashdir. Yaʼni jazodan maqsad aslo qasd olish yoki azob berish emas, balki jinoyat sodir etgan shaxsni jamiyatga sog‘lom aʼzo sifatida qaytarish hisoblanadi”, deyiladi rasmiy izohda.

Qayd etilishicha, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha sud jarayoni va jazo tayinlash qonunchilikda alohida tartibga solingan. Jumladan, bunday jinoyat ishlari yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi. Voyaga yetmaganlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi esa Jinoyat kodeksining 85-moddasida belgilangan tartib asosida tayinlanadi.

Bunday shaxslar jazosini umumiy koloniyalarda emas, alohida tarbiya koloniyalarida o‘tashi ham qonunchilikda belgilangan.

Sudlar bu normalar voyaga yetmaganlarning ruhiy, fiziologik va ijtimoiy jihatdan hali to‘liq shakllanmagani bilan bog‘liqligini qayd etdi. Ya’ni voyaga yetmaganlarga nisbatan jazo tizimida qayta tarbiyalash va yangi jinoyatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratiladi.

“To‘g‘ri, marhumlarni hayotga qaytarib bo‘lmaydi. Shu nuqtayi nazardan, jamoatchilikning ehtirosli munosabatlariga tushunish bilan qaraladi. Biroq sud tomonidan bosiqlik va jinoyat ishi bo‘yicha har bir holat chuqur tahlil qilingan holda to‘xtamga kelinishini ham eʼtibordan soqit qilmaslik lozim. Shu nuqtayi nazardan, voyaga yetmagan Turg‘unovga jazo tayinlashda yuqoridagi qonun normalariga tayangan holda, uning maktab o‘quvchisi ekani, jinoyat sodir etilgan paytda hali 16 yoshga to‘lmagani, eng muhimi, axloqan tuzatish, qayta tarbiyalash va yangi jinoyatlar sodir etilishining oldini olish kabi omillar ham eʼtiborga olingan ko‘rinadi. Chunki jinoyat huquqida voyaga yetmaganlarga nisbatan jazo tizimi insonparvarlik tamoyillariga asoslangan”, deyiladi izohda.

Shuningdek, hukm hozircha qonuniy kuchga kirmagani bildirildi. Taraflar hukm ustidan shikoyat berish huquqiga ega. Agar shikoyat kelib tushsa, ish yuqori sud instansiyasida belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, unga huquqiy baho beriladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 21/09/2026