Toshkent viloyatida Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi rejalashtirilgan hududda joylashgan, faoliyati to‘xtatilgan 7 ta qabriston ko‘chiriladi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimining 15-sentyabrdagi qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, qabristonlarning 2 tasi Quyi Chirchiq, 5 tasi O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan.
Quyi Chirchiq tumanida:
- “Sergeli” MFYdagi “Sergeli bolalar” va “Koreys” qabristonlari.
O‘rta Chirchiq tumanida:
- “Yangiyo‘l” MFYdagi “Suvon bag‘ish” va “Qudoyqul” musulmon qabristonlari;
- “Qudoyqul” va “Sariktepa” koreys qabristonlari;
- “Boris” rus xristian qabristoni.
Hujjatga ko‘ra, mazkur qabristonlarda dafn ishlari ko‘p yillar avval to‘xtatilgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi 2026-yil 10-aprelda bergan xulosada marhumlar jasadlari tuproqqa aylangan bo‘lishi ehtimoli mavjud hududlardan belgilangan tartibda foydalanish mumkinligi qayd etilgan.
Qabrlarda eksgumatsiya vaqtida suyak qoldiqlari aniqlansa, ular ehtiyotkorlik bilan yig‘ilib, boshqa qabristonlarga qayta dafn qilinadi. Ishlar sanitariya-epidemiologiya, ekologiya, arxitektura, diniy va jamoatchilik talablariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Qarorda qabrlarni ko‘chirish manzillari ham belgilangan:
- “Sergeli bolalar” qabristonidan eksgumatsiya qilingan qabrlar “Shardara” qabristoniga;
- “Koreys” qabristonidan chiqarilgan qabrlar Sergeli mahallasidagi rus-koreys qabristoniga;
- “Suvon bag‘ish” va “Qudoyqul” musulmon qabristonlaridan chiqarilgan qabrlar Yangiyo‘l mahallasidagi “Zaynab ona” qabristoniga;
- “Qudoyqul”, “Sariktepa” koreys qabristonlari va “Boris” rus xristian qabristonidan chiqarilgan qabrlar Taraqqiyot mahallasidagi koreys qabristoniga ko‘chiriladi.
Qayta dafn qilish ishlari diniy urf-odatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Qabristonlarni ko‘chirish, qayta dafn qilish, hududlarni tayyorlash va obodonlashtirish xarajatlari qonunchilikda taqiqlanmagan manbalar hisobidan qoplanadi. Xarajatlarni Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi loyihasidagi xususiy sherik to‘lashi belgilangan.