Bilim va malakalarni baholash agentligi milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tishda belgilangan o‘rinlar soni yuzasidan bildirilgan fikrlarga munosabat bildirdi. Agentlikka ko‘ra, limitlar talabgorlarni cheklash yoki yuqori natija ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ishtirokchilar sonini sun’iy kamaytirish uchun belgilanmagan.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi qarori bilan umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tartibiga o‘zgartirishlar kiritilgan. Unga asosan test o‘tkaziladigan joylar, hududlar bo‘yicha o‘tirish o‘rinlari soni va imtihon sanalari belgilanadi.
2026-yil sentyabr–dekabr oylarida milliy sertifikat imtihonlari uchun jami 496 ming 303 ta o‘rin ajratilgan. Shundan:
- sentyabr — 125 ming 753 ta;
- oktyabr — 129 ming 535 ta;
- noyabr — 112 ming 335 ta;
- dekabr — 128 ming 680 ta.
Shuningdek, imtihonlar soni ham oshirilmoqda. Sentyabr–dekabr oylarida matematika, kimyo, geografiya, biologiya, fizika, ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan ikki martadan, huquqshunoslik fanidan esa bir marta imtihon o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Jami 15 ta imtihon tashkil etiladi.
2025-yilning shu davrida esa 11 ta imtihon o‘tkazilib, ularda 255 ming 217 nafar talabgor qatnashgan.
Agentlikning tushuntirishicha, hududlar bo‘yicha o‘rinlarni belgilashda mavjud infratuzilma, texnik vositalar, xodimlar va nazorat resurslari hisobga olinadi. Bu orqali hududlardagi yuklamani maqbul taqsimlash hamda imtihonlarni barqaror va sifatli tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, mazkur yondashuv imtihon natijalarini belgilangan muddatlarda e’lon qilish uchun zarur sharoitlarni yaratishga ham xizmat qiladi.