Xonanda Jasur Umirov kichik yoshdagi o‘g‘li bilan Chorvoq suv omborida katerda qutqaruv nimchasisiz va yuqori tezlikda harakatlangani ortidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan profilaktik suhbat o‘tkazdi. Bu haqda FVV ma’lum qildi.
Avvalroq xonanda o‘g‘li bilan katerda sayr qilgani aks etgan videoni Instagram’dagi sahifasiga joylashtirgandi. Video ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘lgan.
FVV xonandaga suv havzalarida xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish, xususan, katerda harakatlanish vaqtida qutqaruv nimchasidan foydalanish zarurligini tushuntirgan.
Jasur Umirov ham xavfsizlik talablariga rioya qilish kerakligini tan olgan.
“Katerdami, boshqadami, qutqaruv nimchasisiz harakatlanmanglar deb qolamiz. Buni menga Favqulodda vaziyatlar vazirligidan, Ichki ishlar vazirligidan kelib tushuntirishdi, bu noto‘g‘riligini bildim”, — degan xonanda.