Qirg‘izistonda xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari vizasiz va qo‘shimcha hujjatlarsiz har 120 kunlik davrda jami 60 kungacha mamlakatda bo‘lishi mumkin.
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi ro‘yxatdan o‘tishdan ozod etiladigan davlatlar fuqarolari ro‘yxatini tasdiqlagan. Unga jami 92 ta davlat kiritilgan.
Avval ham o‘zbekistonliklar uchun Qirg‘izistonda 60 kungacha bo‘lish muddati belgilangan edi. Biroq chegaradan chiqib, qayta kirish orqali ushbu muddatni yangilash mumkin bo‘lgan. Yangi tartibda esa 60 kunlik muddat har 120 kunlik davr doirasida hisoblanadi.
Boshqa davlatlar fuqarolari uchun muddatlar
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari — Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Rossiya fuqarolari Qirg‘izistonda har 180 kunlik davrda jami 90 kungacha bo‘lishi mumkin. Xuddi shunday tartib Serbiya, Turkiya, Ukraina, Mo‘g‘uliston va Moldova fuqarolariga ham tatbiq etiladi.
Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Kuvayt, Ummon va Bahrayn fuqarolariga esa har 360 kunlik davrda jami 180 kungacha vizasiz qolishga ruxsat berilgan.
Xorijliklarni ro‘yxatga olishga yangi talablar
Chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga olish Tashqi migratsiyani hisobga olish yagona tizimi orqali amalga oshiriladi. Hujjatlarni oflayn, onlayn yoki maxsus mobil ilova yordamida rasmiylashtirish mumkin.
Yangi tartibda xorijliklarni turar joyga ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha ham cheklovlar belgilangan. Xususan, har bir ro‘yxatga olingan xorijlikka kamida 12 kvadrat metr yashash maydoni to‘g‘ri kelishi kerak. Bitta uy yoki kvartirada ro‘yxatda turadigan xorijliklar soni 10 kishidan oshmasligi lozim. Yaqin qarindoshlarga nisbatan bu talab istisno qilinadi.
Qirg‘iziston fuqarolarining xorijlik turmush o‘rtoqlari va voyaga yetmagan farzandlari ham yangi tartibda alohida huquqlarga ega. Ular mamlakatda bo‘lish muddatini o‘tkazib yuborgan taqdirda, qarindoshlikni tasdiqlovchi hujjatlar asosida Qirg‘izistonga bir marta kirib, huquqiy maqomini qonuniylashtirishi mumkin. Buning uchun kirgandan keyin 30 ish kuni ichida tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish talab etiladi.
Hukumatga ko‘ra, yangi tartib davlat idoralari o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvini avtomatlashtirish, inson omili va korrupsiya xavfini kamaytirish hamda xorijliklarni ro‘yxatga olish jarayonini soddalashtirishga qaratilgan.