Shavkat Mirziyoyev milliy statistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha rejalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi rejalar doirasida tadbirkorlar taqdim etadigan hisobot yukini 20 foizga qisqartirish maqsad qilingan. Shuningdek, ma’muriy va muqobil ma’lumotlar manbalari sonini 1,7 barobar oshirish, ularga ishlov berish vaqtini 20 foizga, xarajatlarni esa 25 foizga kamaytirish rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarni boshqarish bo‘yicha yagona yondashuvni shakllantirish uchun vazirlik va idoralar ishtirokida Ma’lumotlarni boshqarish komissiyasi tashkil etish taklif qilindi.
Komissiya joriy yil 1-dekabrgacha davlat organlari va tashkilotlaridagi ma’lumotlarni boshqarish tizimlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazadi. 2027-yil 1-maygacha esa ularni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.
Milliy ma’lumotlar platformasi ishga tushiriladi
2027-yil 1-iyulgacha Milliy ma’lumotlar platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Platforma ma’lumotlarni yagona tizimga integratsiya qilish, ularning sifati va xavfsizligini ta’minlash hamda tahlil va zamonaviy raqamli xizmatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Ochiq ma’lumotlar bilan ishlash bo‘yicha loyiha ofisini tashkil etish va davlat idoralari uchun “Ochiq ma’lumotlar reytingi”ni joriy qilish taklif etildi.
Statistika sohasida kadrlar tayyorlash va tadqiqotlarni kengaytirish maqsadida Ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv maktabi tashkil etiladi. Unda davlat idoralari, biznes, statistika organlari, OAV, tadqiqotchilar va talabalar uchun ma’lumotlarni boshqarish, biznes-tahlil, sun’iy intellekt, ma’lumotlar jurnalistikasi va vizualizatsiya bo‘yicha o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Statistik ma’lumotlar sun’iy intellekt uchun mos formatda e’lon qilinadi
2027-yil 1-iyulgacha statistik ma’lumotlarni sun’iy intellekt tizimlari o‘qiy oladigan formatlarda e’lon qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, statistik ko‘rsatkichlarni taqqoslash va chuqur tahlil qilish imkonini beruvchi sun’iy intellekt agentlari joriy etiladi. 2027-yil yakuniga qadar aholi, demografiya, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va hududiy rivojlanishga oid ma’lumotlar geofazoviy raqamli xaritalarda aks ettiriladi.
2027–2028-yillarda Multiindikator klaster kuzatuvining yettinchi raundini o‘tkazish hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasi ishtirokida milliy statistika tizimining xalqaro standart va kodekslarga muvofiqligini baholash ham rejalashtirilgan.
Taqdimotda “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasi loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Unda statistika tizimini muvofiqlashtirish, ma’lumotlar sifatini ta’minlash, xalqaro standart va metodologiyalarni joriy etish, raqamli transformatsiya, ma’muriy va muqobil ma’lumotlardan foydalanish hamda foydalanuvchiga yo‘naltirilgan ochiq statistikani rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar etib belgilangan.
Davlat rahbari aniq, tezkor va ishonchli statistika davlat siyosatini belgilash hamda hudud va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha to‘g‘ri qarorlar qabul qilishning muhim sharti ekanini ta’kidladi.
Mutasaddilarga ro‘yxatga olish natijalarini chuqur tahlil qilib, davlat dasturlarida keng qo‘llash, biznesni ro‘yxatga olish tadbirini sifatli tashkil etish, ma’lumotlarni boshqarishning yagona tizimini joriy qilish va milliy statistika tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.