Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida mahalla yoshlar yetakchilarini haqorat qilib, ularga bosim o‘tkazgan yoshlar ishlari bo‘limi rahbari Mirkarim Ahmadjonov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi xabar berdi.

Avvalroq Ahmadjonovning yoshlar yetakchilari bilan o‘tkazgan yig‘ilishidan yozib olingan audio tarqalgan edi. Unda mulozim xodimlarni sha’niga tegadigan so‘zlar bilan haqorat qilgani va ularga bosim o‘tkazgani eshitilgan.

Yig‘ilishda ayollar ham ishtirok etganiga qaramay, bo‘lim rahbari xodimlarni haqorat qilgan. Shuningdek, xodimlardan biri unga murojaat shakliga e’tiroz bildirganida, rahbar u bilan alohida gaplashishini aytib, ishdan bo‘shash haqida ariza yozishni talab qilgan.

Holat yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi va Nurafshon shahar hokimligi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.

O‘rganishlar davomida hodisa 18-avgust kuni sodir bo‘lgani va Ahmadjonov yig‘ilish davomida xizmat odobi hamda kasbiy etika talablarini qo‘pol ravishda buzganligi tasdiqlangan. Bundan tashqari, uning faoliyatida boshqa bir qator kamchiliklar ham aniqlangan.

Mansabdor bilan o‘tkazilgan suhbatdan so‘ng u o‘z aybini tan olib, mehnat shartnomasini bekor qilishni so‘ragan.

Natijada Mirkarim Ahmadjonov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirda uning ish faoliyatida aniqlangan boshqa kamchiliklar yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 21/08/2026