Timur Ismoilov Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda 21-avgust kuni IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Tayinlovga qadar Timur Ismoilov 2024-yil yanvaridan Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi. Unga qadar Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasiga rahbarlik qilgan. Shuningdek, IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

Yangi tayinlov prezidentning tegishli qarori asosida amalga oshirildi.

Timur Ismoilov zimmasiga jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, tizimni raqamlashtirish bo‘yicha vazifalar ijrosini nazoratga olish, ichki ishlar organlarining boshqa davlat idoralari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini kuchaytirish, jamoat tartibini saqlashning zamonaviy usullarini joriy etish bo‘yicha choralar ko‘rish topshirildi.

Bundan tashqari, aholining huquqiy madaniyati va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bo‘lgan ishonchini oshirishga qaratilgan ishlarni samarali tashkil etish vazifasi belgilandi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 21/08/2026