Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Sirdaryo daryosida fuqarolarning cho‘kishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 26-iyul kuni soat 14:06 da 112 qisqa raqamiga Namangan shahri Gulbog‘ mahallasida yashovchi, 2004-yilda tug‘ilgan fuqaroning Namangan tumani Sho‘rqo‘rg‘on mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosiga tushib ketgani haqida murojaat kelib tushgan.

Shundan so‘ng Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Maxsus qutqaruv otryadining suvda qutqaruv guruhi g‘avvoslari tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan.

Shuningdek, 27-iyul kuni boshqa bir fuqaroning jasadi daryodan topilib, qutqaruvchilar tomonidan qirg‘oqqa olib chiqilgan va belgilangan tartibda tegishli organlarga topshirilgan.

Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy cho‘milish mavsumida cho‘milish taqiqlangan hududlarda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar oqibatida bir necha fuqaro hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda ham taqiqlangan hududlarda cho‘kib ketgan ikki nafardan ortiq fuqaroni qidirish ishlari davom ettirilmoqda.

Boshqarma fuqarolarni faqat ruxsat etilgan va xavfsiz cho‘milish joylaridan foydalanishga chaqirdi. Shuningdek, ota-onalarga farzandlarining nazoratsiz holda suv havzalari yaqiniga borishiga yo‘l qo‘ymaslik tavsiya etildi.

Mutasaddilar taqiqlangan hududlarda cho‘milish inson hayoti uchun jiddiy xavf tug‘dirishini eslatib, suv havzalarida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish zarurligini ta’kidladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 29/07/2026