Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq va 90 million AQSH dollari miqdorida zarar yetkazilgani aytilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni 29-iyul kuni boshlanadi. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudida sudya Dadaxonova raisligida ko‘rib chiqiladi. Mazkur ish bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan olib borilgan.
Sudlanuvchilar sifatida G‘anchar Ummat o‘g‘li Uzoqov, Timur Badriddinovich Shariksiyev, Alijon G‘aniyevich Ashurov hamda Suxrob Sanjarovich Sayfutdinov jalb etilgan.
Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining:
- 210-moddasi 3-qismi “a” va “b” bandlari (pora olish);
- 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish);
- 301-moddasi 1-qismi (hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan chetga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi)
bilan ayblov e’lon qilingan.
Ta’kidlanishicha, mazkur jinoyat ishi doirasida ayblanuvchilarning aybi hozircha sud tomonidan isbotlanmagan. O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, shaxs sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi chiqarilgunga qadar aybsiz hisoblanadi.