Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev hamda boshqa mansabdor shaxslarga oid jinoyat ishlari yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilishi belgilandi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismining “a”, “v”, “g” bandlari, 205-moddasi 2-qismining “a”, “b” bandlari hamda boshqa moddalari bilan ayblanayotgan Bekmurod Abdullayev va yana 29 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudi tomonidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi binosida ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining sobiq direktori Akmal Ortiqov va boshqa shaxslarga (jami yetti nafar sudlanuvchi) oid jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida ko‘rilmoqda. Ularga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismining “a”, “v”, “g” bandlari hamda boshqa moddalari bilan ayblov e’lon qilingan.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismining “a” bandi va boshqa moddalar bilan ayblanayotgan Alijon Ashurov hamda yana uch nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudida mazmunan ko‘rib chiqilmoqda.

Toshkent shahar sudlari ma’lumotiga ko‘ra, mazkur jinoyat ishlarida shaxsiy hayotga oid hamda qonun bilan muhofaza etiladigan boshqa ma’lumotlar mavjudligi sababli, sud ajrimlari asosida sud jarayonlari yopiq majlis shaklida o‘tkaziladi.

Sudlar matbuot xizmati sud protsesslari yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishini ham ma’lum qilgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 29/07/2026