“O‘zgidromet” O‘zbekistonda 2026-yil avgust oyida kuzatiladigan ob-havo bo‘yicha prognozni taqdim etdi. Unga ko‘ra, oy boshida respublika bo‘ylab juda issiq va quruq ob-havo hukm suradi, oy oxiriga kelib esa harorat asta-sekin pasayishi kutilmoqda.

Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, avgust oyida o‘rtacha oylik harorat iyul oyiga nisbatan 1,5–2,5 darajaga past bo‘ladi. Shunga qaramay, avgust yilning eng issiq oylaridan biri bo‘lib qoladi. Global iqlim o‘zgarishi ta’sirida so‘nggi o‘n yilliklarda avgust oyidagi o‘rtacha harorat ham oshib bormoqda. Xususan, 1991–2020-yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichlar 1961–1990-yillar davridagidan 1,2–1,5 darajaga yuqori bo‘lgan.

Prognozga ko‘ra, respublikaning katta qismida avgust oyida o‘rtacha maksimal harorat 35–37 darajani tashkil etadi. Janubiy va cho‘l hududlarida esa bu ko‘rsatkich 38–40 darajaga yetadi. Eng issiq kunlarda havo harorati aksariyat hududlarda 38–39 darajagacha, janub va cho‘l hududlarida esa 41–43 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Kuzatuvlar tarixida ayrim hududlarda 44–47 darajagacha issiq qayd etilgan.

Oy boshida 43 darajagacha issiq bo‘lishi mumkin

“O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyining dastlabki kunlari quruq va biroz issiq ob-havo bilan boshlanadi.

1–2-avgust kunlari respublikaning aksariyat hududlarida havo harorati 38–41 darajagacha, janubiy va cho‘l hududlarida esa 42–43 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Shundan so‘ng havo harorati 3–5 darajaga pasayadi. Oy davomida kunduzgi harorat asosan 33–38 daraja atrofida bo‘lishi, ayrim hududlarda esa 40 darajagacha yetishi prognoz qilingan.

Oy oxiriga borib esa O‘zbekiston hududiga nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi mumkin. Natijada kunduzgi harorat asta-sekin 25–30 darajagacha pasayishi kutilmoqda.

Kechalari havo harorati avgust oyining birinchi yarmida 24–27 daraja, ikkinchi yarmida 17–22 daraja, oy oxiriga kelib esa 12–15 darajagacha tushishi mumkin.

Avgust yilning eng qurg‘oqchil oylaridan biri

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, avgust O‘zbekistonda yilning eng qurg‘oqchil oyi hisoblanadi. Tekislik hududlarida odatda oy davomida atigi 1–3 kun yengil yomg‘ir yog‘adi, o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori esa 1–2 millimetrni tashkil etadi. Farg‘ona vodiysida bu ko‘rsatkich 3–5 millimetrga yetadi.

Janubiy va cho‘l hududlarida ayrim yillarda avgust oyida umuman yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda esa yog‘ingarchilik nisbatan ko‘proq bo‘lib, ayrim joylarda oylik miqdor 12–15 millimetrni, Toshkent viloyatining yuqori tog‘li hududlari hamda Farg‘ona viloyati tog‘larida 20–22 millimetrni tashkil etadi.

Shu bilan birga, avgust oyida ham kuchli jala yomg‘irlari kuzatilishi mumkin. Xususan, 2020-yil avgust oyining oxirida O‘zbekistonning markaziy viloyatlarida bir sutka davomida 10–34 millimetr yog‘ingarchilik qayd etilgan. O‘sha yilning 26-avgust kuni Toshkent shahrida 17 millimetr yog‘ingarchilik yog‘ib, avgust oyi uchun sutkalik rekord yangilangandi.

2023-yilda ham respublikaning ayrim hududlarida kuzatilgan kuchli jala yomg‘irlari tarixiy rekordlarni yangilagan.

Yog‘ingarchilik me’yordan yuqori bo‘lishi mumkin

“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 2026-yil avgust oyida oylik yog‘ingarchilik miqdori ko‘p yillik me’yordan biroz yuqori bo‘lishi, ayrim hududlarda esa me’yor atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Mutaxassislarning qayd etishicha, avgust oyining oylik yog‘ingarchilik me’yori juda kam bo‘lgani sababli, hatto me’yordan yuqori yog‘ingarchilik ham katta miqdorni anglatmaydi.

Prognozlarga ko‘ra, oyning ikkinchi yarmida ayrim kunlarda, asosan qisqa muddatli va kuchsiz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 27/07/2026