2026-yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda pensiya oluvchilar soni 4 million 361 ming 432 nafarga yetdi. Bu mamlakat umumiy aholisining 11 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, pensionerlarning 83 foizi yoshga doir pensiya, 11 foizi nogironlik pensiyasi, 6 foizi esa boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2025-yil iyul oyidan 2026-yil iyul oyigacha pensionerlar soni 158,9 ming nafarga yoki 3,8 foizga oshgan.
Hozirda mamlakat bo‘yicha o‘rtacha oylik pensiya miqdori 1 million 688 ming so‘mni tashkil etadi. Eng kam pensiya miqdori esa 878 ming so‘m etib belgilangan.
Hududlar kesimida eng ko‘p pensioner Farg‘ona viloyatida istiqomat qiladi. Viloyatda 515,4 ming nafar pensiya oluvchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, bu har sakkiz nafar aholidan biri pensioner ekanini anglatadi.
Shuningdek, Farg‘ona, Samarqand, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi pensionerlar mamlakatdagi jami pensiya oluvchilarning 41 foizini tashkil etadi.
Eng kam pensionerlar soni Sirdaryo viloyatida qayd etilgan. Ushbu hududda 111,3 ming nafar pensioner istiqomat qiladi. Bu ko‘rsatkich Farg‘ona viloyatidagi pensionerlar sonidan 4,6 baravar kam.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi prognozlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya miqdori kelgusi yillarda bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Xususan, 2026-yilda o‘rtacha pensiyani 1,7 million so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, bu ko‘rsatkich 2027-yilda 1,8 million so‘m, 2028-yilda 1,9 million so‘m hamda 2029-yilda 2,1 million so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.