Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashash xonadonida noqonuniy qimorxona tashkil etgan shaxs faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, holat “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor-qidiruv xizmati hamda tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida aniqlangan.
Tekshiruv jarayonida Paxtaobod tumanida yashovchi fuqaro o‘z uyida moddiy manfaat evaziga tanishlari uchun tavakkalchilikka asoslangan qimor o‘yinlarini tashkil etish uchun sharoit yaratib, noqonuniy qimorxona faoliyatini yo‘lga qo‘ygani aniqlangan.
Voqea joyidan qimor o‘yini davomida foydalanilgan 3 million 297 ming so‘m miqdoridagi naqd pul hamda o‘yin kartalari xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi fuqarolarni qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni noqonuniy tashkil etish holatlariga duch kelgan taqdirda bu haqda zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishga chaqirdi.