O‘zbekistonda ijtimoiy ish sohasining huquqiy asoslarini kompleks tartibga soluvchi yangi qonun qabul qilindi. Hujjat ijtimoiy ishni tashkil etish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, ularning sifatini nazorat qilish hamda ijtimoiy xodimlarning huquqiy maqomini belgilashga qaratilgan.
Qonunga ko‘ra, ilk bor ijtimoiy ish amalga oshiriladigan sohalar aniq belgilandi. Endilikda ijtimoiy ish tibbiyot, ta’lim, ijtimoiy himoya, bandlik, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek jazoni ijro etish tizimida tashkil etiladi.
Hujjat bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar va oilalarni aniqlash hamda ularga ushbu maqomni berishning huquqiy asoslari belgilandi. Shuningdek, ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish, shuningdek ularni tugatish tartibi ham qonun bilan mustahkamlandi.
Yangi tartibga muvofiq, ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar akkreditatsiyadan o‘tkazilib, Ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchilar reyestriga kiritiladi. Hozirda mamlakatda mingdan ortiq nodavlat tashkilot aholi uchun turli ijtimoiy xizmat va yordamlarni ko‘rsatib kelmoqda.
Qonunda ijtimoiy xizmatlar standartlariga qo‘yiladigan talablar ham belgilangan. Ushbu standartlarda xizmatning maqsadli guruhi, tavsifi, ko‘lami, uni ko‘rsatish shartlari hamda natijalarni baholash mezonlari aks ettiriladi. Bugungi kunga qadar 24 ta milliy va 7 ta xalqaro ijtimoiy xizmat standarti qabul qilingan.
Bundan tashqari, ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish sohasidagi davlat nazoratini yagona vakolatli organ — Ijtimoiy inspeksiya amalga oshirishi belgilandi. Avval mazkur vakolat turli davlat boshqaruvi organlari hamda mahalliy hokimiyatlar tomonidan bajarib kelingan.
Qonun bilan ijtimoiy xodimlarning huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari, ijtimoiy himoyasi hamda ushbu kasb bilan shug‘ullanishga doir cheklovlar ham belgilab qo‘yildi. Hozirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida qariyb 9 ming nafar ijtimoiy xodim faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, ichki ishlar organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarida ham ijtimoiy xodimlar ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 22-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Nurafshon shahridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining yangi Ijtimoiy himoya majmuasi faoliyati bilan tanishib, respublika bo‘ylab hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari sonini uch barobarga oshirish bo‘yicha topshiriq bergandi.