Jizzax viloyatida kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo sababli ayrim davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati 15–17-iyul kunlari vaqtincha to‘xtatildi.

Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qilishicha, bunday qaror bolalarning hayoti va salomatligini muhofaza qilish maqsadida qabul qilingan.

“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, 15–17-iyul kunlari Jizzax viloyatida havo harorati 44–45 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Shu bois Jizzax viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tavsiyasiga asosan ayrim hududlardagi davlat bog‘chalari faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Cheklov Arnasoy, Mirzacho‘l, Zafarobod, Zarbdor va Paxtakor tumanlari, shuningdek, Jizzax shahridagi jami 103 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga tatbiq etiladi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur bog‘chalar 20-iyuldan boshlab odatdagi tartibda o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Boshqarma ota-onalardan ushbu vaqtinchalik cheklovlarni to‘g‘ri qabul qilishni hamda issiq kunlarda farzandlari salomatligini asrash bo‘yicha xavfsizlik qoidalariga amal qilishni so‘radi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 16/07/2026