Prezident Shavkat Mirziyoyevning 10-iyuldagi farmoni bilan Muzaffar Komilov prezidentning diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.

Shu munosabat bilan u Prezident administratsiyasining Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etildi. Muzaffar Komilov ushbu lavozimda 2026-yil mart oyidan buyon faoliyat yuritayotgan edi.

Unga qadar u prezidentning vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Muzaffar Komilov mehnat faoliyati davomida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida boshqarma boshlig‘i, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida prorektor lavozimlarida ishlagan.

2018-yil aprel oyida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan. 2022-yil fevralida esa prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga o‘tgan.

Shuningdek, u 2021-yil mayidan 2023-yil sentyabrigacha O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori lavozimida ham faoliyat yuritgan.

2024-yil dekabr oyida prezidentning din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etilgach, yana O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori etib tayinlangan edi. Mazkur oliygoh 2025-yil aprel oyida Xalqaro islomshunoslik akademiyasi deb qayta nomlangan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 10/07/2026