Toshkent shahridagi Xotira xiyoboni yaqinidan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv kanalida o‘zini suvga tashlagan ayol va uni qutqarishga uringan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi.

Bu haqda “Millar” dasturida ma’lum qilindi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ayol qutqarilgani, Milliy gvardiya xodimining esa suvga cho‘kib ketgani va uning jasadi bir necha kundan buyon qidirilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Keyinchalik ikkala fuqaro ham halok bo‘lgani tasdiqlandi.

Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Asror Masurovning ma’lum qilishicha, harbiy xizmatchilar Bo‘zsuv kanalida suv oqimi bo‘ylab oqib ketayotgan ayolni ko‘rib qolgan. Shundan so‘ng xodimlardan biri uning hayotini saqlab qolish maqsadida zudlik bilan suvga tushgan.

Biroq kanaldagi kuchli suv oqimi sabab ayolni qutqarishning imkoni bo‘lmagan. Harbiy xizmatchi ham kuchli oqim va girdob ta’sirida qolib, halok bo‘lgan.

Surishtiruvlar davomida halok bo‘lgan harbiy xizmatchi 2005-yilda tug‘ilgani va yaqin kunlarda uning to‘yi bo‘lishi rejalashtirilgani aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, o‘zini kanalga tashlagan ayolning jasadi hodisa sodir bo‘lgan kunning o‘zida qidiruv ishlari natijasida topilib, yaqinlariga topshirilgan.

Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining jasadi esa qutqaruv xizmatlari va boshqa hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilgan qidiruv-qutqaruv ishlari yakunida topilgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 09/07/2026