O‘zbekistonlik shifokor va hamshiralar uchun Italiyaning Sardiniya hududida bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shoshilinch tibbiy yordam shifokori hamda oliy ma’lumotli hamshiralar uchun ish o‘rinlari ochilgan. Har yili ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha 100 nafargacha mutaxassis ishga qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Nomzodlardan 50 yoshgacha bo‘lish talab etiladi, 40 yoshgacha bo‘lganlarga ustuvorlik beriladi. Shuningdek, oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lishi lozim. Ish tajribasi majburiy emas, biroq tajribali nomzodlar ustunlikka ega bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, tanlovdan o‘tgan nomzodlar dastlab Italiyaning Peruja universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan italyan tili kurslarida 7 oy davomida onlayn tahsil oladi. O‘quv mashg‘ulotlari nomzodlar uchun qulay vaqt va shaklda tashkil etiladi.
Til kursi xarajatlari, oyiga 600 yevro miqdorida, Migratsiya agentligi tomonidan qoplanadi.
Italiya tilini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan mutaxassislar Sardiniyada 3,5 ming yevrogacha oylik maosh bilan ish boshlaydi. Qo‘shimcha ish soatlari va tungi navbatchilik uchun to‘lanadigan bonuslar hisobiga oylik daromad 4–5 ming yevrogacha yetishi mumkin.
Taklif etilayotgan mehnat sharoitlariga ko‘ra, ish haftasiga 38 soatni tashkil etadi. Xodimlarning turar joy xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplanadi, tushlik bilan ta’minlanadi hamda tibbiy sug‘urta rasmiylashtiriladi.