O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi yakunlandi. Tbilisi aeroportida davlat rahbarini kuzatish marosimi chog‘ida Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze jurnalist Jahongir Olimovga intervyu berdi.

Suhbat davomida Kobaxidze O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini muhim voqea sifatida baholadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kelishuv ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Bu biz uchun juda muhim kelishuv. Prezident Janobi Oliylariga ikki mamlakatimiz o‘rtasidagi hamkorlikka qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorman. Biz bu do‘stlikni juda qadrlaymiz”, — dedi Gruziya bosh vaziri.

Kobaxidze O‘zbekiston va Gruziya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik tarixiy ildizlarga ega ekanini ta’kidlab, strategik sheriklik bu munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlashini qayd etdi.

“Ikki xalqimiz o‘rtasidagi tarixiy do‘stlikka asoslangan hamkorligimizni yanada mustahkamlashimiz kerak. Ushbu kelishuv imzolangani bizni juda xursand qildi. Ishonchim komilki, u ikki davlat va ikki xalq o‘rtasidagi hamkorlik hamda do‘stlikka yangi turtki beradi”, — dedi u.

Intervyuda Gruziya bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev faoliyatiga ham baho berdi.

“U O‘zbekiston Respublikasining buyuk yetakchisi. Dunyoda rahbarlar tanqis, ammo O‘zbekistonda buyuk yetakchi bor”, — dedi Kobaxidze.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi natijalarida davlat rahbarining shaxsiy yetakchiligi muhim omillardan biri bo‘lgan.

“U O‘zbekistonni rivojlantirishga to‘liq o‘zini bag‘ishlagan chinakam rahbar. Uning ulkan yutuqlari o‘zining shaxsiy yetakchiligi samarasi”, — deya ta’kidladi Gruziya bosh vaziri.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 03/07/2026