Migratsiya agentligi Slovakiyada kara (pogruzchik) haydovchisi sifatida ishlash istagidagi O‘zbekiston fuqarolari uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlanganini ma’lum qildi.

Agentlik axborotiga ko‘ra, jami 70 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etilmoqda. Ishga qabul qilingan nomzodlarga oyiga 1 ming yevro miqdorida qo‘lga tegadigan ish haqi to‘lanadi. Ish haftasiga 5 kun, kuniga 8 soatdan iborat bo‘ladi.

Tanlovda 20 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ishtirok etishi mumkin. Nomzodlardan “B” toifali haydovchilik guvohnomasi, kara haydash bo‘yicha kamida olti oylik ish tajribasi hamda rus tilini muloqot darajasida bilish talab etiladi.

Ma’lum qilinishicha, ish beruvchi turar joy xarajatlarini qoplaydi hamda tibbiy sug‘urta rasmiylashtirib beradi.

Shuningdek, ishchi vizasi va aviachipta xarajatlari dastlab nomzod hisobidan amalga oshiriladi. Biroq fuqaro ishga joylashgach, ushbu xarajatlar Migratsiya agentligi tomonidan kompensatsiya qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlar soni 300 nafarga yetgach, arizalarni qabul qilish to‘xtatiladi.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni Migratsiya agentligining 71 202 33 55 telefon raqami (ichki raqamlar: 556 va 906) orqali olish mumkin.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 03/07/2026