Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 3-iyul kuni Eronga jo‘nab ketadi. Delegatsiya mamlakatning marhum oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimlarida ishtirok etadi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, vidolashuv marosimlari 4–9-iyul kunlari Eron va Iroqda o‘tkaziladi.
Eronning Tasnim axborot agentligi xabariga ko‘ra, motam tadbirlarida 30 dan ortiq davlatning rasmiy delegatsiyalari hamda 90 dan ziyod mamlakatdan diniy peshvolar ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda Eron ichki ishlar vaziri o‘rinbosari va motam tadbirlarini tashkil etish shtabi rahbari Ali Akbar Purjamshidiyon ma’lum qilgan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Bog‘oiy ham marosimlarda mintaqa va boshqa davlatlardan rasmiy delegatsiyalar qatnashishini tasdiqlagan.
Rasmiy vidolashuv marosimlari 4-iyul kuni Tehrondagi “Mosalla” majmuasida boshlanadi. 5-iyul kuni ushbu majmuada janoza namozi o‘qilishi va poytaxtda ommaviy motam yurishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng motam tadbirlari Qum va Mashhad shaharlarida, shuningdek, Iroqning Najaf va Karbalo shaharlarida davom etadi. Dafn marosimi 9-iyul kuni Mashhad shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eron tomoni motam tadbirlarida millionlab odam ishtirok etishi mumkinligini bildirgan. Shu munosabat bilan mamlakat ichida va xorijda marosimlarni muvofiqlashtirish uchun maxsus shtablar tashkil etilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Oyatulloh Ali Xomanaiy 2026-yil 28-fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga bergan ilk zarbalari oqibatida vafot etgan. Vidolashuv marosimlari mintaqadagi vaziyat nisbatan barqarorlashgani hamda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha erishilgan kelishuvlardan so‘ng tashkil etilmoqda.